
Aksiya bozoridagi koʻtarilish va pasayishlar savdoning ajralmas qismidir. Baʼzi kunlari narxlar raketadek yuqoriga uchadi, baʼzi kunlari esa amerika togʻlaridan ham tezroq tushib ketadi. Agar siz savdo qilsangiz, oʻzgaruvchanlikni tushunish ongliroq qarorlar qabul qilish va strategiyangizni nazoratda saqlashning kaliti hisoblanadi.
Ushbu qoʻllanmada aksiya bozori oʻzgaruvchanligi nima ekani, u nima uchun yuzaga kelishi va uni qanday qilib mohirona boshqarish mumkinligi tushuntiriladi.
Aksiyalar nima? (qisqacha eslatma!)
Aksiyalar (ulushli qimmatli qogʻozlar deb ham ataladi) kompaniyaga egalik qilish huquqini bildiradi. Aksiya sotib olganingizda, siz aksiyador boʻlasiz, yaʼni kompaniyaning bir qismiga egalik qilasiz. Kompaniya yaxshi ishlasa, uning aksiya qiymati odatda oshadi, qiyinchilikka duch kelsa, aksiya narxi tushishi mumkin. Treyderlar narx oshishi va dividendlardan (kompaniya foydasining aksiyadorlar bilan boʻlishiladigan qismi) foyda olishni umid qilib aksiya sotib oladi.
Aksiya narxlari nima uchun oʻzgarib turadi?
Aksiya bozori taklif va talab asosida ishlaydi. Agar aksiyani sotmoqchi boʻlganlardan sotib olmoqchi boʻlganlar koʻp boʻlsa, narx oshadi. Sotmoqchi boʻlganlar koʻp boʻlsa, narx tushadi. Bu oddiy tuyuladi, lekin aslida narxlarga koʻplab omillar, jumladan iqtisodiy sharoit, treyderlar kayfiyati va hatto soʻnggi yangiliklar taʼsir qiladi.
Aksiya bozori oʻzgaruvchanligi nima?
Oʻzgaruvchanlik aksiya narxlarining yuqoriga va pastga qanchalik harakatlanishini oʻlchaydi. Narxlar keskin tebransa, bozor yuqori darajada oʻzgaruvchan boʻladi. Narxlar barqaror harakatlansa, oʻzgaruvchanlik past boʻladi. Shuni yodda tutish muhimki, oʻzgaruvchanlik narxlar oshishini yoki tushishini koʻrsatmaydi. U faqat narx harakatlarining kuchini oʻlchaydi.
Hayotiy misol:
COVID-19 pandemiyasining dastlabki kunlarida aksiya bozorida kunlik keskin tebranishlar kuzatildi, chunki keyin nima boʻlishini hech kim bilmasdi. Noaniqlik = yuqoriroq oʻzgaruvchanlik.
Oʻzgaruvchanlikning ikki turi:
- Tarixiy oʻzgaruvchanlik: aktiv narxi oʻtmishda qanchalik harakatlanganini oʻlchaydi. Oʻtmishdagi narx harakatlariga qarab, treyderlar kelajakdagi ehtimoliy tebranishlarni baholay oladi.
- Kutilayotgan oʻzgaruvchanlik: treyderlar aksiya kelajakda qanchalik harakatlanishini kutayotganini aks ettiradi. U odatda opsiyalar narxlaridan hisoblanadi va ehtimoliy narx tebranishlarini bashorat qilishda foydali.
Oʻzgaruvchanlikni qanday oʻlchash mumkin
Treyderlar aksiya bozori oʻzgaruvchanligini oʻlchash uchun turli asboblardan foydalanadi:
- Beta: aksiyaning benchmark indeksga (masalan, S&P 500) nisbatan sezgirligi. 1 dan yuqori beta aksiya indeksga qaraganda oʻzgaruvchanroq ekanini, 1 dan past beta esa barqarorroq ekanini bildiradi.

- VIX (Volatility Index): “Qoʻrquv koʻrsatkichi” deb ham ataladigan VIX keyingi 30 kun uchun kutilayotgan bozor oʻzgaruvchanligini oʻlchaydi. VIXning oshishi odatda noaniqlikni va narxlarning katta harakatlanishi ehtimolini bildiradi. VIX Chicago Board Options Exchange (CBOE) tomonidan hisoblanadi.
Aksiya bozori oʻzgaruvchanligiga nima sabab boʻladi?
Aksiya bozori oʻzgaruvchanligiga bir nechta omillar sabab boʻladi, jumladan:
Makroiqtisodiy omillar (umumiy manzara)
- Iqtisodiy zarbalar: global inqirozlar, retsessiyalar yoki siyosatdagi oʻzgarishlar bozorni larzaga solishi mumkin.
- Pul-kredit siyosati: markaziy banklar foiz darajasini oshirganda yoki pasaytirganda, bu bozorga boʻlgan ishonchga taʼsir qiladi.
- Siyosiy voqealar: saylovlar, savdo urushlari va geosiyosiy mojarolar noaniqlikni va bozorda katta tebranishlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Mikroiqtisodiy omillar (kompaniyaga xos jihatlar)
- Daromad hisobotlari: kompaniya daromad kutilmalaridan oshib ketsa, uning aksiya narxi koʻpincha keskin oshadi. Kutilmaga yetmasa, pasayishni kuting.
- Sohadagi tendensiyalar: texnologiya, qoidalar yoki isteʼmolchilar odatlaridagi oʻzgarishlar butun tarmoqlarga taʼsir qilishi mumkin.
- Kompaniya yangiliklari: bosh direktorning lavozimini tark etishi yoki yirik qoʻshib olish bitimi aksiyalarda katta harakatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Aksiya bozori oʻzgaruvchanligi bilan qanday ishlash kerak
Oʻzgaruvchanlik har doim ham yomon emas. Baʼzi treyderlar undan foyda koʻradi. Biroq rejaga ega boʻlish muhim. Bozor tebranishlarida yoʻl topishingizga yordam beradigan baʼzi strategiyalar:
- Savdolaringizni diversifikatsiya qiling: xavfni kamaytirish uchun mablagʻlaringizni turli tarmoqlar oʻrtasida taqsimlang.
- Uzoq muddatga eʼtibor qarating: bozorning qisqa muddatli shovqiniga emas, uzoq muddatli oʻsishga eʼtibor bering.
- Dollar-cost averaging usulidan foydalaning: bozorda nima boʻlayotganidan qatʼi nazar, muntazam ravishda belgilangan summada savdo qiling.
- Portfelingizni qayta balanslang: xohlagan xavf darajangizni saqlab qolish uchun pozitsiyalaringizni vaqti-vaqti bilan tartibga keltirib turing.
- Xabardor boʻling: ehtimoliy oʻzgaruvchanlikni oldindan sezish uchun iqtisodiy yangiliklar va bozor tendensiyalarini kuzatib boring.
Aksiya bozori oʻzgaruvchanligidan qoʻrqish shart emas. Uni tushunish va boshqarish kerak. Tez harakatlarni izlaydigan kunlik treyder boʻlsangiz ham, bozor toʻlqinlarini sabr bilan kutib oʻtadigan uzoq muddatli treyder boʻlsangiz ham, toʻgʻri strategiyalarga ega boʻlish sizga har qanday bozor sharoitida ishonch bagʻishlaydi.
Oʻzgaruvchan bozorlarda strategiyalaringizni sinab koʻrishga tayyormisiz? USD 10 000 virtual mablagʻli bepul Deriv demo hisobi uchun roʻyxatdan oʻting va savdo mahoratingizni bugunoq sinab koʻring!
Quiz
Quyidagilardan qaysi biri aksiya bozoridagi oʻzgaruvchanlik sabablaridan biri EMAS?


