
Elektron pochta manzilingiz Deriv hisobingiz uchun shunchaki aloqa maʼlumoti emas. Unga parolni qata tiklash boʻyicha koʻrsatmalar va xavfsizlik tasdiqlash kodlari keladi, shuning uchun uni himoya qilish Derivga kirish huquqingizni himoya qilishga yordam beradi. Ushbu qoʻllanmada elektron pochtangizni qanday himoyalash, fishing urinishlarini qanday aniqlash va biror narsa shubhali koʻrinsa, xotirjam qanday harakat qilish kerakligi tushuntiriladi.
Qisqacha xulosa
- Elektron pochta hisobingiz uchun noyob, mustahkam parol va ikki bosqichli autentifikatsiyadan (2FA) foydalaning.
- Kutilmagan kirish haqidagi ogohlantirishlar, parolni qata tiklash xatlari va shoshilinch xabarlarni darhol bosish uchun emas, balki tekshirish kerakligini bildiruvchi signal deb qabul qiling.
- Soʻralmagan xabarlardagi havolalarga oʻtish oʻrniga, Derivni rasmiy veb-sayt yoki ilova orqali toʻgʻridan-toʻgʻri oching.
- Parollarni, bir martalik kodlarni yoki tiklash kodlarini hech kimga bermang.
- Agar elektron pochtangiz buzib kirilgan deb gumon qilsangiz, avval elektron pochtangizni himoyalang, soʻng Deriv parolingizni oʻzgartiring va Deriv bilan rasmiy yordam kanallari orqali bogʻlaning.
Elektron pochtangiz Deriv hisobingiz uchun nega muhim
Roʻyxatdan oʻtkazilgan elektron pochtangiz hisob xavfsizligiga oid muhim jarayonlarda ishlatilishi mumkin. Masalan, Derivning parolni qata tiklash jarayonida koʻrsatmalar roʻyxatdan oʻtkazilgan elektron pochta manziliga yuboriladi, ayrim hisob amallari uchun esa oʻsha manzilga yuborilgan bir martalik parol (OTP) talab qilinishi mumkin. Shu sababli elektron pochta xavfsizligi hisobga kirishni himoya qilishning ajralmas qismidir, alohida vazifa emas.
Agar kimdir pochta qutingizni nazorat qilish imkoniga ega boʻlsa, u xavfsizlik bildirishnomalarini oʻqishi, parolni qata tiklash soʻrovini yuborishi yoki tasdiqlash xabarlarini ushlab olishi mumkin. Elektron pochta hisobingizni himoya qilish bunday xabarlar boʻyicha faqat siz harakat qila olishingizni taʼminlashga yordam beradi.
Elektron pochta uchun noyob paroldan boshlang
Noyob parol — bu Deriv, ijtimoiy tarmoqlar, onlayn doʻkonlar yoki boshqa biron-bir xizmat uchun ishlatmaydigan parolingizdir. Agar boshqa veb-saytdagi parol maʼlumotlar sizib chiqishi natijasida oshkor boʻlsa, uni qayta ishlatish bir nechta hisobingizni xavf ostiga qoʻyishi mumkin.
Taxmin qilish qiyin boʻlgan uzun parol yoki parol-iborani tanlang. Ishonchli parol menejeri noyob parollarni yaratishi va saqlashi mumkin, bu esa ularni yodda saqlash zaruratini kamaytiradi.
2FAni elektron pochtangizda ham, Derivda ham yoqing
Ikki bosqichli autentifikatsiya parolingizdan keyin ikkinchi tekshiruvni qoʻshadi. Elektron pochta uchun autentifikator ilovasi odatda faqat SMS orqali keladigan kodlarga tayanishdan koʻra ishonchliroq variant hisoblanadi, chunki u SIM-karta almashtirish hujumlari kabi xavflarga kamroq duchor boʻladi.
Derivga bogʻlangan elektron pochta hisobida 2FAni yoqing, soʻng uni Deriv hisobingizda ham yoqing. Bular alohida himoya choralaridir: faqat bittasini himoyalash ikkinchisini xavfliroq holatda qoldiradi.

Xabar bilan ishlashdan oldin fishingni aniqlang
Fishing — bu sizni maʼlumotlaringizni oshkor qilishga, zararli havolani bosishga, zararli dasturni yuklab olishga yoki soxta veb-saytga kirishga undashga qaratilgan urinishdir. U elektron pochta, xabar, ijtimoiy tarmoq yoki telefon qoʻngʻirogʻi orqali kelishi va tanish brendlarga taqlid qilishi mumkin.
Ishonarli koʻrinadigan logotip yoki koʻrsatiladigan ism xabarning haqiqiyligini isbotlamaydi. Javob berishdan oldin toʻxtab, tafsilotlarni tekshiring.
Joʻnatuvchining toʻliq manziliga va havola yoʻnalishiga eʼtibor bering
Pochta qutingizda koʻrsatilgan ismga emas, joʻnatuvchining toʻliq manziliga qarang. Soxta manzillarda imlo xatolari, ortiqcha soʻzlar yoki aloqasi yoʻq domenlar boʻlishi mumkin. Deriv mijozlarga rasmiy manzil yoki profillarga oʻxshash, ammo imlo xatolari boʻlgan manzil va profillardan kelgan xabarlardan ehtiyot boʻlishni tavsiya qiladi.
Kompyuterda havolani tanlashdan oldin, uning yoʻnalishini koʻrish uchun kursorni havola ustiga olib keling. Mobil qurilmada havolaga umuman oʻtmagan ma’qul: brauzeringizni yoki Deriv ilovasini oʻzingiz oching, soʻng rasmiy yoʻl orqali kiring.
Soʻralmagan havolaga oʻtganingizdan keyin parolingizni, OTP, 2FA kodingizni, tiklash kodingizni yoki moliyaviy maʼlumotlaringizni kiritmang.
Shoshilinchlikni sekinlashish uchun sabab deb biling
Fishing xabari hisobingiz yopilishini, toʻlov kutayotganini yoki zudlik bilan harakat qilish kerakligini aytishi mumkin. Maqsad — soʻrovni tekshirishga ulgurmasingizdan oldin sizga bosim oʻtkazishdir.
Darhol harakat qilish oʻrniga, toʻxtab, mustaqil ravishda tekshiring. Derivni saqlangan xatcho‘pdan oching, rasmiy manzilni brauzerga oʻzingiz kiriting yoki Deriv ilovasidan foydalaning. Xabar haqiqiy yoki yoʻqligini aniqlashda yordam kerak boʻlsa, Deriv bilan rasmiy aloqa usullari orqali bogʻlaning.
Fayllar va ilovalar bilan ehtiyot boʻling
Kutilmagan biriktirilgan fayllarda zararli dastur boʻlishi mumkin. Soʻralmagan xabarlardan fayllarni yuklab olmang, ayniqsa .exe, .com, .bat yoki .scr kabi bajariladigan fayl turlarini. Agar hujjat kutmagan boʻlsangiz, uni ochishdan oldin soʻrovni ishonchli kanal orqali tekshiring.

Xavfsizroq elektron pochta odatini shakllantiring
Xavfsizlik qoʻrquvga javob sifatida emas, odatiy tartib sifatida amalga oshirilganda eng samarali boʻladi. Elektron pochta hisobingizning xavfsizlik sozlamalarini vaqti-vaqti bilan, ayniqsa qurilmalar yoki parollarni almashtirgandan keyin tekshirib turing.
Tiklash usullari va faol seanslarni tekshiring
Tiklash uchun telefon raqamingiz va zaxira elektron pochta manzilingizni dolzarb holatda saqlang, ammo bu tiklash kanallari ham himoyalanganiga ishonch hosil qiling. Elektron pochta provayderingizning xavfsizlik sozlamalarida koʻrsatilgan qurilmalar va faol seanslarni koʻrib chiqing. Tanimaydigan qurilma yoki seanslardan chiqing.
Siz yaratmagan yoʻnaltirish qoidalaridan ehtiyot boʻling. Pochta qutisiga kirgan hujumchilar parolni oʻzgartirganingizdan keyin ham xavfsizlik xatlarining nusxalarini olish uchun avtomatik yoʻnaltirish qoidalarini qoʻshishi mumkin.
Dasturiy taʼminot va qurilmalarni yangilab turing
Telefon, brauzer, operatsion tizim va autentifikator ilovasi yangilanishlarini oʻrnating. Yangilanishlar koʻpincha xavfsizlik tuzatishlarini oʻz ichiga oladi. Telefon yoki kompyuteringizda ekran qulfidan foydalaning va moliyaviy hisoblarga ommaviy yoki umumiy qurilmalardan kirishdan saqlaning.
Umumiy qurilmalarda brauzerda parollarni saqlamang, hisobdan chiqmasdan qoldirmang va tiklash kodlarini ochiq qoldirmang.
Tiklash kodlarini himoya qiling
Ayrim elektron pochta provayderlari ikki bosqichli autentifikatsiyani (2FA) sozlaganingizda tiklash kodlarini beradi. Ularni parol menejeri yoki oflayn himoyalangan boshqa usul kabi xavfsiz joyda saqlang. Ularga parol kabi munosabatda boʻling: ularni oʻzingizga oddiy matn koʻrinishida elektron pochta orqali yubormang, hech kim bilan ulashmang va himoyalanmagan qaydda saqlamang.
Elektron pochtangiz buzib kirilgan deb oʻylasangiz, nima qilish kerak
Izchil harakat qiling. Birinchi navbatdagi vazifa — hisobga oid boshqa oʻzgarishlar uchun unga tayanishdan oldin elektron pochta hisobi ustidan nazoratni qaytarib olish va uni himoyalashdir.
- Toʻgʻridan-toʻgʻri elektron pochta provayderingizning rasmiy veb-saytiga yoki ilovasiga kiring — ogohlantirish xatidagi havoladan foydalanmang.
- Elektron pochta parolini yangi, noyob parolga almashtiring.
- Notanish seanslardan chiqing hamda nomaʼlum qurilmalar, tiklash manzillari, telefon raqamlari, yoʻnaltirish qoidalari va ilova ulanishlarini olib tashlang.
- Imkon boʻlsa, autentifikator ilovasi yordamida 2FAni yoqing yoki qayta sozlang. Tiklash kodlarini xavfsiz joyda saqlang.
- Deriv parolingizni rasmiy Deriv kirish sahifasi yoki hisob sozlamalari orqali almashtiring va 2FA yoqilgan holda qolganini tekshiring.
- Deriv hisobingizga boshqa shaxs kirgan boʻlishi mumkin, deb hisoblasangiz, rasmiy yordam xizmati orqali Deriv bilan bogʻlaning.

Deriv tilga olingan xabarlar uchun amaliy nazorat roʻyxati
Deriv hisobingizga oid elektron xat, xabar yoki ijtimoiy tarmoq postiga javob berishdan oldin oʻzingizdan soʻrang:
- Bu xabarni kutgan edimmi?
- Yuboruvchining toʻliq manzili deriv.com bilan tugaydigan rasmiy Deriv manziliga mos keladimi?
- Xabar meni shoshilinch harakat qilishga, maʼlumot ulashishga yoki pul oʻtkazishga undayaptimi?
- Soʻrovni ushbu havoladan foydalanmasdan, Derivni toʻgʻridan-toʻgʻri ochib tekshira olamanmi?
- Undan parol, OTP, 2FA kodi yoki tiklash kodi soʻralayaptimi? Unday boʻlsa, toʻxtang va rasmiy yordam xizmati orqali tekshiring.
Bu savollar xabarning xavfsizligini isbotlamaydi, ammo muhim amaldan oldin foydali tanaffus yaratadi.
Keyingi qadamni qoʻying
Bugun Deriv bilan bogʻlangan elektron pochta hisobingizning xavfsizlik sozlamalarini koʻrib chiqing: noyob paroldan foydalaning, 2FAni yoqing, tiklash usullarini tekshiring va tanimaydigan seanslarni olib tashlang. Soʻng Deriv hisobingizning xavfsizlik sozlamalarini koʻrib chiqing va 2FA hali yoqilmagan boʻlsa, uni yoqing.
Quiz
Agar kimdir elektron pochta hisobingizga kirgan deb oʻylasangiz, birinchi navbatda nima qilishingiz kerak?


